2026-yilning 17-mart kuni O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi hamda Toshkent shahri Mirobod tumani 147-maktab o‘quvchilari hamkorligida “Tabiat mo‘jizalari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. Ushbu tadbirda o‘quvchilar o‘zlarining ijodiy ishlari bilan faol ishtirok etib, tabiatga bo‘lgan qiziqishlarini namoyish etdilar. Tadbir davomida geologiya sohasining qiziqarli jihatlari, yer osti boyliklari va tabiat sir-asrorlariga bag‘ishlangan taqdimotlar tashkil etildi hamda ishtirokchilarga tegishli ma’lumotlar taqdim etildi.
Navro‘z bayrami arafasida, tadbir doirasida bahor taomlari ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi. Bu orqali mehmonlar tabiatning yangilanish davriga uyg‘unlashgan milliy an’analari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ishtirokchilarning tadbirdan olgan taassurotlari yuqori bo‘ldi: ular yangi bilimlarga ega bo‘lish bilan birga, tabiatni asrash va uning mo‘jizalarini qadrlash kerakligini chuqur anglab yetdilar. Ko‘plab o‘quvchilar bu kabi tadbirlar ularni ilm-fanga yanada yaqinlashtirishini ta’kidlab o‘tdilar.
Tadbir so‘ngida faol qatnashgan o‘quvchilar muzeyning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, ularning ilmiy intilishlari munosib rag‘batlantirildi.
Tadbirdan lavhalarni maroq bilan tomosha qiling!