“Tabiat — bizning umumiy merosimiz, uni asrash esa kelajak oldidagi burchimiz!”

2026-yil 25-oktabr kuni O‘zbekiston davlat tabiat muzeyining 150 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bir yarim asrlik tarixga ega bo‘lgan muzey tabiat tarixini o‘rganish va saqlash, noyob tabiiy ashyo va kolleksiyalarni kelajak avlodlarga yetkazish, bilimlarni targ‘ib qilish hamda yoshlar orasida ekologik madaniyatni shakllantirish yo‘lida muhim faoliyat olib bormoqda.

TANTANALI OCHILISH VA TABRIK NUTQLARI

Yubiley tadbiri tantanavor ruhda ochilib, mehmonlarga muzeyning 150 yillik tarixi, ilmiy-ma’rifiy faoliyati va tabiatni asrash borasidagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi direktori Rasulov Azimjon Nozimjonovich, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi vakillari hamda boshqa hamkor tashkilotlar vakillarining tabrik nutqlari uchun navbat berildi.

Samimiy tilaklar va ezgu fikrlar muzeyning boy tarixini, ko‘p yillik mehnatini hamda uning rivojiga hissa qo‘shgan avlodlar xizmatini e’tirof etishga xizmat qildi.

BAYRAM KONSERT DASTURI

Yubiley munosabati bilan mehmonlar uchun musiqiy va badiiy chiqishlardan iborat bayram dasturi tashkil etildi.

Tabiatning betakror go‘zalligi, uning inson qalbiga baxsh etadigan ilhomi va atrof-muhitni asrash g‘oyalarini tarannum etgan chiqishlar bayramga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

YANGI “AFRIKA” ZALINING TANTANALI OCHILISHI

Yubiley kunining eng muhim voqealaridan biri muzeyning yangi “Afrika hayvonlari zali”ning tantanali ochilishi bo‘ldi.

Afrika qit’asining betakror hayvonot olamiga bag‘ishlangan ekspozitsiyasi tashrif buyuruvchilarga ushbu qit’aning tabiati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Sher, jirafa, antilopa va boshqa hayvonot vakillari orqali tabiatning rang-barangligi, hayvonlarning o‘ziga xos xususiyatlari va Yer yuzidagi tabiiy boyliklarni asrashning ahamiyati namoyon etilgan.

Yangi zalning ochilishi muzey ekspozitsiyasini yanada boyitib, tashrif buyuruvchilarning tabiat haqidagi bilimlarini kengaytirish va yosh avlodning hayvonot dunyosiga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

YANGI EKSPOZITSIYA BO‘YLAB TANISHTIRUV EKSKURSIYASI

Ochilish marosimidan so‘ng mehmonlar “Afrika” zali bo‘ylab tanishtiruv ekskursiyasida ishtirok etdilar.

Ekskursiya davomida ekspozitsiyadagi hayvonlar, ularning yashash muhiti va biologik xususiyatlari haqida ma’lumotlar berildi. Mehmonlar yangi ekspozitsiya bilan yaqindan tanishib, muzeyning ilmiy-ma’rifiy imkoniyatlari haqida tasavvurlarini boyitdilar.

NOMODDIY MADANIY MEROSGA BAG‘ISHLANGAN ILMIY-AMALIY SEMINAR

Muzeyning 150 yillik yubileyi doirasida “Tabiat bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalarning nomoddiy madaniy merosni saqlashdagi o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy seminar ham tashkil etildi.

2003-yil 17-oktabrda UNESCO tomonidan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilingan. Shu munosabat bilan oktabr oyida dunyoning turli mamlakatlarida nomoddiy madaniy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlar o‘tkaziladi.

Seminar doirasida tabiat bilan bog‘liq an’anaviy bilimlar, xalqning ko‘p asrlik tajribasi, urf-odatlari va amaliy ko‘nikmalarini saqlash hamda ularni kelajak avlodlarga yetkazishning ahamiyati yoritildi.

Tabiat haqidagi an’anaviy bilimlar xalqning turmush tarzi, madaniy qadriyatlari va atrof-muhit bilan o‘zaro munosabatlarini aks ettiradi. Ularni o‘rganish va asrab-avaylash madaniy merosning davomiyligini ta’minlash bilan birga, tabiatga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga ham xizmat qiladi.

150 YIL — TARIX, TAJRIBA VA KELAJAKKA ISHONCH!

O‘zbekiston davlat tabiat muzeyining bir yarim asrlik faoliyati — bu ilm-fan, ma’rifat, noyob tabiiy ashyo va kolleksiyalarni asrash va kelajak avlodlarda tabiatga mehr uyg‘otish yo‘lidagi boy tajribaga ega tarixdir.

Muzeyning 150 yillik yubileyi tabiiy va madaniy merosni asrash, ilmiy bilimlarni keng targ‘ib etish hamda tabiat oldidagi mas’uliyatimizni yanada chuqur anglash uchun muhim voqeadir.

Barcha mehmonlarimizga, hamkorlarimizga va muzey rivojiga hissa qo‘shayotgan insonlarga samimiy minnatdorlik bildiramiz!

Tabiatni asraylik, merosimizni qadrlaylik, kelajakni birgalikda bunyod etaylik!