Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov raisligida yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konvensiya (CMS COP 14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu BMTning yovvoyi tabiatni asrash boʻyicha Markaziy Osiyoda oʻtkazilayotgan birinchi xalqaro anjumanidir. Mazkur xalqaro anjumanda xorijiy davlatlardan nufuzli mehmonlar, soha mutaxassislari hamda O’zbekiston davlat tabiat muzeyi direktori A.Rasulov ham ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekistonda “Atrof-muhitni muhofaza qilish borasida global hamkorlik” loyihasi ishga tushirildi, 6 ta transchegaraviy muhofaza hududini barpo etish masalasi muhokama qilindi, suvning ifloslanishidan yer degradatsiyasi va hayvonlarning yashash joylarigacha boʻlgan muammolar muhokama qilindi, ko’chib yuruvchi hayvonlarni asrash bo’yicha Konvensiya ishtirokchilari konferensiyasi 14-yig‘ilishining 6 kuni davomida Butun Qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqilgan hujjatlar tasdiqlandi.

Shu bilan birga, Qo‘mita ko‘chib yuruvchi turlar bo‘yicha Samarqand strategik rejasini ko‘rib chiqdi va qabul qildi! Mazkur konferensiyadan to‘plangan dolzarb va ilmiy ma’lumotlar asosida O‘zbekiston davlat tabiat muzeyida ko‘chib yuruvchi jonivorlarga bag‘ishlangan yangi ekspozitsiya yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Muzeyda yangi yaratilayotgan ekspozitsiyaning ochilishi 2024-yilning aprel oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.